Vatan haqida sherlar 2026. Ushbu maqolamizda siz uchun vatan haqida, o’zbekiston haqida she’rlarni joylashtirdik. Siz ulardan foydalanib, she’rlarni o’rganishingiz mumkin. Vatan haqida eng ko’p she’rlar, vatan haqida sherlar 4 qator, vatan haqida sher jamisi shu yerda.
Vatan – Xurshid Davron.
Dilingizda bo‘lsin quvonchi g‘ami,
Kitoblarda emas, qog‘ozda emas.
Bo‘zda yashaysizmi, Buxorodami,
Siz bilan barobar u olsin nafas.
Bolangizni belab qo‘ying tush payti,
Tollar belanchakni uchirsin ko‘kka.
Ammo siz boshida allalar ayting,
Vatan tuyg‘usini soling yurakka.
Ayting, dalalarda egilgan lahza,
Ayting, quyosh qonga botib yotganda.
Ayting, quvonchu g‘am solganda larza,
Ayting, oq ko‘ylakli tonglar otganda.
Janozada yig‘lab allalar ayting,
Ayting, shuurlaru kurashlar aro.
Toki qalbimizda jo‘sh urgan tuyg‘u,
Farzandlar qalbida bersin aks-sado.
Ona To‘marisning shonli qismati,
Jaloliddin tig‘i taratgan jarang,
Bizning yurakkacha, balki, yetmasdi,
Bo‘lmaganda, xalqim, allang — xotirang.
Beruniy yulduzi, Sino kahkashoni,
Falakdan yo‘limiz yoritib boqsin.
Mahmud Torobiyning muqaddas qoni,
Farzandlar qalbida jo‘sh urib oqsin.
Hazrat Sohibqiron tuzuklaridan,
Ko‘chib,ifikrlarni yoritsin surur,
Dillarni charog‘on etsin Navoiy,
Qalami taratgan hikmatli shuur.
Mirzo Ulug‘bekning rasadin toqi,
Yurgan yo‘limizga nurlar to‘shasin,
Vatan deb jon bergan har botir xoki
Dilda nafas olsin, dilda yashasin.
Vatan – yurakdagi quvonch, qayg‘u, shasht,
Uni tirik saqlar yurakdagi sas.
Vatan – bamisoli quyoshga o‘xshash,
Vatan ham odamdek oladi nafas.
Tavallo – Muhammad Yusuf she’ri.
Oq yo‘rgakka o‘ragansan o‘zing bizni,
Ham oq yuvib-taragansan o‘zing bizni.
Beshigimiz uzra bedor ona bo‘lib,
Kunimizga yaragansan o‘zing bizni.
Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!
Qalqoning bor, kim qasd qilsa gar joningga,
Alpomishlar ruhi yor har o‘g‘loningga.
Asragaymiz giyohing ham gulday o‘pib,
Yovlar yaqin yo‘lolmagay qo‘rg‘oningga.
Adoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston.
Tuzing totib, unutganlar xor bo‘ladi,
Ko‘zlariga ikki dunyo tor bo‘ladi.
Shodon daming ko‘rolmagan yurtfurushlar,
Bir kun bir kaft qumlog‘ingga zor bo‘ladi.
Yoningda turgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!
Gul ko‘ringan dashtingdagi giyoh-xasdir,
Soddadilu ulug‘vorlik senga xosdir.
Sevamizki, cho‘llaring ham bizga jannat,
Tuprog‘ing ham Makka misol muqaddasdir.
Onadek ko‘rgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!
Tavsiya etamiz : Ustozlar haqida she’rlar
Vatan – Iqbol Mirzo she’ri.
Seni desam yuragimda,
Ochilar gullar,
Yomg‘ir bo‘lib samolardan,
Sochilar gullar,
Sahrolardan, daryolardan,
Sochilar gullar,
Yuragimning gulisan sen,
Gullagan Vatan!
Isming aytib uyg‘onadi,
Chuchuk jilg‘alar,
Sunbulalar tonglaringdan,
Taqar sirg‘alar,
Kiprigimda yog‘dularing
Solar jilvalar,
Tilagimning gulisan sen,
Gullagan Vatan!
Xushbo‘y-xushbo‘y olmalarda,
Jannat havosi,
Tog‘laringning bag‘rida ming,
Dardning davosi,
Shudir, axir, bir insonning,
Umr safosi,
Yuragimning gulisan sen,
Gullagan Vatan!
Hovuch-hovuch, zilol-zilol,
Suvingdan ichdim,
Mehring qanot bo‘ldi, moviy,
Ko‘klarda uchdim,
Yana qaytib senga keldim,
Tuprog‘ing quchdim,
Tilagimning gulisan sen,
Gullagan Vatan!
Yuragimning gulisan sen,
Gullagan Vatan!
Turkiston bolalariga – Abdulla Oripov sheri
Turkistonning bolalari, maqtovimga quloq tutmang,
Gina qilsam chidang, ammo gaplarimni hech unutmang.
Eng avvalo, shajarangiz qaydan chiqqan, bilib oling,
Siz ham bashar farzandisiz, Haqni bayroq qilib oling.
Men Temurdan so‘zlayinmi, so‘zlayinmi Navoiydan,
Barchasini o‘qigansiz, eshitgansiz yo roviydan.
Tarixingiz shundoq uzoq, jangu jadal desa ham bor,
Bosqin ham bor, toshqin ham bor, kasbu amal desa ham bor.
Bobur bo‘lib so‘radingiz qo‘ni-qo‘shni dunyolarni,
Mashrab bo‘lib kezdingiz goh qashqir yurmas sahrolarni.
O’t ketsin u qora kunga – birovlarga qul bo‘ldingiz,
Sharqu G‘arbning o‘rtasida oyoqosti yo‘l bo‘ldingiz.
Biroq iymon nuri doim oqib turgan qoningizda,
O’zingiz ham sezmagansiz, bir gavhar bor joningizda.
Ming-ming shukr, zamon kelib istiqbolga erishdingiz,
Xarob bo‘lgan xonadonni butlamoqqa kirishdingiz.
Hurlikniyu saodatni muborakbod etgum, lekin,
Aytib qo‘yay, qulog‘ingiz bitgan ekan sekin-sekin.
Nazaringiz tushar avval zebi-ziynat dasturxonga,
Hanuz ta’zim qilmoqdasiz mol-dunyosi bor insonga.
Bo‘y-bastini ko‘rsatguvchi urfoni zo‘r millat qani,
Sizning uchun obro‘ – oltin, arzongarov shuhrat – ma’ni.
Yuragida javhari bor kimsalarni ko‘rmagaysiz,
Karnayi yo‘q bechoraning to‘yiga yo‘l burmagaysiz.
Har qadamga xushomadni o‘z o‘rniga qo‘yolsaydim,
Peshvolarning poylariga haftada qo‘y so‘yolsaydim,
Bo‘lmas edi mendan ulug‘, mendan aziz biror inson,
Oh, xalqimni ne ko‘ylarga solding zamon, solding zamon.
Turkistonning bog‘larida bulbullari bor, holbuki,
Xor bo‘lsa ham tog‘day baland ko‘ngillari bor, holbuki.
Tavsiya etamiz : Boshqa mavzularda she’rlar
Davomi
Birov u yon tortar bo‘lsa, birov bu yon tortayotir,
Qonsiragan jallodlarning shodliklari ortayotir.
Bilib bo‘lmas rost gap qayda, bilib bo‘lmas qayda yolg‘on,
Malomatga yo‘liqadi, elga: “œBirlash” degan inson.
Turkistonning bolalari, Turkistonning bolalari,
“œPuf” deganda to‘zg‘igudek mo‘’jazgina lolalari.
Chinor bo‘lib ildiz oting, qoya bo‘lib tiklangiz qad,
Ulug‘-ulug‘ ajdodlarning xavotiri Sizdan behad.
Soyangizda panoh topsin horib tolgan qondoshingiz,
Unutmangki, bul chamanda har bir yaproq jondoshingiz.
To‘qayzori bo‘lmasa gar sheru arslon qaydan unar,
Bir manzili bor ekanki, burgutlar ham kelib qo‘nar.
Oldindadir hali zahmat, oldindadir imkoningiz,
Osilmagan ne-ne Mashrab, otilmagan Cho‘lponingiz.
O’tinch ila hasratimni nasihat deb yuzga solmang,
Xudo insof bergan kuni barmog‘ingiz tishlab qolmang.
Muruvvatu ma’rifatdir buyuklikning nishonasi,
Qadam qo‘ying, mana sizga dong‘il yo‘lning ostonasi.
Turkistonning bolalari, Turkistonning bolalari,
“Puf” deganda to‘zg‘igudek mo’jazgina lolalari.
Yangi O‘zbekiston farzandlarimiz
Zaminga oyoqni zo‘r tiragancha,
O‘qib izlanamiz anchadan ancha,
O‘zgarishlar bo‘ldi qanchadan qancha
Uchinchi renessans dilbandlarimiz,
Yangi O‘zbekiston farzandlarimiz!
Orzular-ey, elchi bo‘linglar xolis,
Dillarimiz aylang dunyoga fonus,
Hali, eh-he yurar yo‘limiz olis,
Yurtimiz ertasi, asal-qandimiz –
Yangi O‘zbekiston farzandlarimiz!
Yurtning kelajagi qo‘limizdadir,
Sadoqat va vafo yo‘limizdadir,
Rahnamolar o‘ng-u so‘limizdadir,
Vatanning umidli avlodlarimiz –
Yangi O‘zbekiston farzandlarimiz!








