Qor, Qish va Archa haqida bolalar uchun sherlar to’plami.
Qish fasli bolalar uchun eng sevimli mavzulardan biridir. Oppoq qorli tonglar, sovuq havoda archalarning bayramona bezaklari va yangi yil kayfiyati har bir bolaning qalbini quvontiradi. Shu sahifada siz bolalar uchun qor, qish va archa haqida yozilgan eng go‘zal va sodda she’rlarni topasiz. Bu she’rlar nafaqat o‘qish uchun yoqimli, balki bolalarga tabiat go‘zalligi va bayramona kayfiyatni his qilishga yordam beradi.
Qish fasli sherlari.
To’rt fasllar aylanib,
Qish kelibdi yastanib.
Zamin oppoq o’ramda,
Yumshoq, momiq gilamda.
Ko’cha to’la bolalar,
Uchar quvnab chanalar.
Yanoqlari zir qizil,
Lek yonmoqda qizib dil
Olam naqadar go’zal,
Ertakdaman shu maxal.
Osmonlardan yog’ar qor,
Atrofga sochib chiroy.
Tarnovda to’p sumalak,
Qator-qator bir talak.
Mo’ri, pechdan bo’rillab,
Tutqun o’ynar tarallab.
Mo’jaz,sirlarga boysan,
Erka, to’lingan oysan.
Kuch olar uxlab borliq,
Tanga bag’ishlab hordiq.
Zumrad qish.
Kirib keldi zumrad qish,
Dehqonga tugatib ish,
Ayoz bobo bilan birga,
Kezib dala dasht qirga.
Oq marvarid osmondan,
Duv yog’ar chondon-chondon,
Oqqushum yoyib gilam,
Zarrin nurga to’ldi olam.
Zumrad qishim surati,
Lol qoldirdi hayratim,
Tabiatim tarovati,
Jo‘shqin qildi g’ayratim.
Zumrad qishim, zumrad qish,
Sengadir barcha olqish,
Fasllarning ko’zgusisan,
Oq niyatli ezgusisan.
Qish fasli haqida sher.
Pag’a pag’a yog’ar qor,
Har faslning gashti bor,
Kirib keldi fasli qish,
Hammayoqda gul naqsh.
Qishning ishi.
Qoyilman qish ishiga,
Zavq beradi kishiga.
Anhorni muzga qoplab,
Yaxmalak qildi boplab.
Faqat shuni bilmadim.
O’ylab, o’yga yetmadim.
Olamga oq libosni
Qanday qilib yopdiykin?
Buncha oq rang, oq nurni
Qanday qilib topdiykin?
Yangi yil bayrami.
Davraga bizni to’plab,
Birlashtirar har yili.
Barchani o’rtoq qilib,
Sirlashtirar har yili.
Salom, salom yangi yil,
Yangi zamon belgisi.
Yangizafar, yangi shod,
Yangi hayot belgisi.
Prezident archasi,
Istiqlol tumorchasi.
Quvonchlarim bir jahon,
Yuragimiz parchasi.
Yil sarhisobi sheri.
Ortda qolib borar laxzalar,
Аylanyabdi tarixga bu yil.
Oʼtgan kunga nazar solsak gar
Bir oz xira tortadi koʼngil.
Yil boʼldiki, taxlika fasli.
Oxiri yoʼq ox-u nidoning.
Yil emas biz insonlar asli,
Sinovida boʼldik Xudoning.
Koʼzlarimiz ochildi biroz,
Tavbalarga qadam tashlandi.
Insofini unutgan ham rost
Аlloh deya koʼzi yoshlandi.
Koʼp darslar oʼtdi ushbu yil.
Koʼp narsaning yetdik qadriga.
Goxi yigʼlab, gox koʼnikdi dil-
Shukr qilmoqlikni bariga.
Yetar endi bitdi safaring!
Аrzanda yil- xayr, yaxshi qol.
Tugashi rost boʼlsin xataring.
Ketganing hikmatdir ehtimol.
Oppoq qish-ey, oppoq qish.
Oppoq qish-ey, oppoq qish,
Eh, qorlari yumshoq qish.
Chana, konki o‘ynatgan,
Quvnoq qish-ey, quvnoq qish.
Dam olmoqda dalalar,
Keng vodiylar, daralar,
Fasl gashti atrofga,
Qo‘shiq bo‘lib taralar.
Tarnovlarda sumalak,
Ko‘llar oyna—yaxmalak.
Ayting, ayting bo‘lmasin,
Hech kim yo‘lda charxpalak.
Sovuq hazllasharmi,
Yuzlar jizillasharmi,
Goho-goho uchragan,
Qo‘rqoqni izlasharmi?
Oppoq qor sut singari
Ona Yerga singadi.
Oftob kelib yaqinroq,
Qishning qahrin yengadi.
Qor haqida sherlar.
Eshik qoqib kelmoqda,
Bezayman endi archa.
Shamol kelib yelmoqda,
Derazamda qor parcha.
Rahmim kelib oldimu,
Qor parchani qo’limga.
To’shagimga soldimu,
O’rab qo’ydim to’nimga.
Keyin yana archamni,
Bezash uchun urindim.
Eritib qor parchamni,
To’shagimdan kuyindim.
Bunday g’amli kechani,
Olib ketgin eski yil.
O’tmishim qorparchani,
Qaytarib ber yangi yil.
Yog’ar qor.
Zamin o’zra yog’ar qor,
Derazada naqshi bor,
Hammayoq parto’shak,
Yayrab dumaloq oshsak.
Qor yog’ar.
Qor yog’ar-ey,qor yog’ar,
Oq marvarid dur yog’ar,
Taratadi tarovat,
Chiroy ochar tabiyat.
Qor.
Oq bulutdan oralab,
Biz tomonga mo’ralab,
Yog’ar endi oppoq qor,
Bolalikday beg’ubor.
Qor haqida 4 qator sher.
Qor yog’aqol qop qop,
Qo’rqmayman sendan xech,
Qo’limda bor qo’lqop,
O’ynayman erta kech.
Qor haqida sher.
Hamma kutib intizor
Yog’ayapdi endi qor
Yog’sangchi sen gala-gala
Xursand bo’lar barcha bola
Qorga to’yinsin dala
Yasaymiz biz qorbola
Yaxmalak uchamiz xo’p
Qor yog’aqol Juda ko’p
Qor Juda chiroylisan
Oppoq zarga o’xshaysan
Lekin bizni aldaysan
Yog’may birdan to’xtaysan
Qish qishliging qilaqol
Vaqtida sen yog’aqol
Oq bulutlar ichidan
Bizga tezroq kelaqol.
Qor (bolalar uchun sheʼr)
Аtrof qor, qish faslida,
Murod agʼanar qorda.
Yumshoq qorning ustida,
Dumalash juda zoʼrda.
Lekin baxor kelganda,
Qorlar erib ketadi.
Bugʼ boʼlib parlanganda,
Yerga singib ketadi.
Bu tabiat qonuni,
Bunga nima xam dersiz.
Koʼrib quyosh nurini,
Erib ketadi esiz!…
Qor alyori.
Osmon qorni eladi,
Yerni oqqa beladi
Xuddi yumshoq parto‘shak,
Dumalaging keladi.
Qor yog‘ar-ey, qor yog‘ar,
To‘lib dala-qir yog‘ar
Boshimizdan sochqiday
Oq marvarid, dur yog‘ar.
Xo‘p yaxmalak otamiz,
Goho qorga botamiz,
Qizib jo‘shar jon tanda,
Kim deydi sovqotamiz?
Qish yaxshi-yo, qish yaxshi,
Oppoq qor— kumush yaxshi.
Bir-birovga qor otib,
Qiyqirib quvish yaxshi.
Qorto‘plarni otamiz,
Rosa kulib qotamiz.
Pisand qilmay ayozni,
Qish zavqini totamiz.
Qor yog‘ar-ey, zo‘r yog‘ar,
Xo‘p quvnatib dillarni,
Zavqimizga jo‘r yog’ar.
Qorbobo qopi.
Orqamda qopim katta,
Unda bordir, albatta.
Shirin kulcha, yong’oqlar,
Konfet-u o’yinchoqlar.
Ulashaman sizlarga,
Dono o’gil-qizlarga!
Yangi yil archasiga
Bo`ylari shiftga yetgan,
Igna bargli, ko’k archa
Zar-u marjonlar taqib,
Yasanishing o’zgacha.
Yangi yil bayramida
Qorboboni kutamiz
Qop orqalab kelsa gar,
Zavqqa to’lib ketamiz.
Kichkintoylar kuylashib,
Atrofingda aylanar.
Egningdagi chiroqlar,
Kech kirganda tovlanar.
Ko’rkam archa, ko’k archa,
Bayramda bosh qahramon.
Baland toglar oshib kel,
Uyimizga bo’l mehmon.
Birinchi qor
Mana senga olam olam qor,
Xovuchingga siqqancha ol, bor.
Ketaman deb kuydirma zinhor,
Hech bo‘lmasa bahorgacha qol.
Ko‘cha sovuq muzlab qolasan,
Biror dard orttirib olasan,
Issiq uyda issiq choy bilan,
Senga tutay novvot ila bol.
Shirin suxbat qurarmiz bunda,
Olov yoqib qaxraton kunda,
Ko‘ngillar ham cho‘g‘lanib shunda,
Balki bizga yor bo‘lar iqbol.
Azoblaring jonimdan o‘tar,
Ko‘nglim bitta iliq so‘z kutar,
Ko‘rqmaysanmi yoqangdan tutar,
Muhabbatim topsa gar zavol.
Qayg‘ularing qalbimni yedi,
Yurakkinam bir seni dedi,
Uning aybi nimada edi,
Deb o‘zingga berdingmi savol.
Ammo gapga quloq solmaysan,
Sira bilganingdan qolmaysan,
Dunyo kezib topa olmaysan,
Menga o‘xshash sodiq, navnihol.
Agar bo‘lsa mexrim senga kam,
Kuzataman ko‘zlarimda nam,
Mayli endi qayda bo‘lsa ham,
Yashasang bas sog‘-omon, hushhol.
Oppoq qor kabi.
O‘ynab-o‘ynab tushar ko‘kdan laylak qor,
Oppoq orzulardek yog‘ib yo‘limga,
Oq qorga belanib oppoq tilaklar,
Har biri zavq bo‘lib qo‘nar qo‘limga.
Sening xayollaring qor kabi oppoq,
Ko‘z o‘ngimdan ketmas gulgun nigohing,
Vasling mendan yiroq, manzilini yiroq,
Qor bo‘lib yog‘adi savol- so‘rog‘ing.
Nigohing isitib tursaydi ko‘nglim,
Qor kabi orzular qani ushalsa,
Bir umr ketmayin qolsaydi mehring,
Qalbing, yuragimga nurdek to‘shalsa.
Sog‘inch bo‘lib ko‘kdan yog‘averar qor,
Hislarim qor bo‘lib yog‘ar yaraqlab,
Muzlagan ko‘nglimni eritib, jo‘shib,
Quyosh bo‘l, umrimda turgin charaqlab.
Oppoq iz tushmagan qor kabi ko‘ngling,
Oppoq tonglar kabi toza, beg‘ubor.
Mehringdan benasib etmagin meni,
Bir umr men senga bo‘lay vafodor!
Yog’sin qor.
Sovuqdan xech qo’rqmayman,
Bog’chamga men qatnayman,
Issiq palto,qo’lda qo’lqop,
Oyog’imda etik paypoq.
Yog’sin mayli qor yana,
Bizlar uchamiz chana,
Qorbo’ron ham o’ynaymiz,
Qishda mazza quvnaymiz.
Archa va bayram sherlari
Buncha ham chiroylisan,
Yam-yashilsan har qachon!
Yangi yilning ko‘rkisan,
Sevimlisan, archajon.
Qish boboning uyida,
Aziz mehmon — ko‘klamsan.
Bugun uning to‘yida
Ayniqsa soz — ko‘rkamsan.
Ko‘ylagingga juda ko‘p,
Zar tugmalar taqilgan.
Shoxlaringda qizil, ko‘k…
Lampochkalar yoqilgan.
Bo‘yim yetmas shoxingga,
Lekin, ey archajonim!
Tabelimda bor senga
Atab tizgan marjonim!
Senga deb tizgan marjon
A’lo baholarimdir.
Kel, taqib qo‘yay, archam,
Shoxlaringni egib tur.
Yalmog’iz kampir she’ri
Man, man, man, man,
Man Yalmog’iz bo’laman.
Supurgimni minvolib,
Goh sayohat qilaman.
Yashayman men o’rmonda,
O’rmonda yey!
Dorilamon zanomda ,
Zamonda yey!
Yomonlarni qaqshatib,
Qaqshatib ey!
So’ng qilaman sharmanda,
Sharmanda yey!
Jazolash-chun har doim,
Shamol kabi yelaman.
Qanch xatlar borsa ham,
Bir yilda bir kelaman.
Lanchaki-yu yalqovni
Juda yomon ko’raman,
Supurgim omon bo’lsa,
Man jazolab turaman.
Darsdan qochsangiz agar,
Sira-sira kechirmam.
Qorboboga hazil she’r
Qorbobojon shu deseng.
Sendan bordir tilagim.
Van Damdikidek bo’sin.
Bu yil mani bilagim.
Malol kelmasa bobo.
Puldan bergin sal ko’pro.
Ishim doim yugursin.
Bo’masin xech muammo.
So’rashga ham xijolat.
Harkimga ham tol’e bu..
Ko’rsatib bir mahorat.
Sovg’a qilgin Malibu..
Pul endi qo’lni kiri.
Qo’lim shu yil kir bo’sin.
Tilaklarimdan biri.
Malibu pulga to’lsin.
Bobo endi bilasan.
Hammasi bir hal bo’sin.
Yangi yilda yor bergin.
Rayxondan go’zal bo’sin.
Uyimni ham bitiray.
Bir haftalik to’y qilay.
Shuncha qiynalib yurdim.
Shu yil bir xuzur ko’ray.
Kamtarona tilagim.
Bori shundan iborat.
Sezmoqdadur yuragim.
Bari bo’lar ijobat.
Qorqiz.
Qorparchadan paydo bo’lgan
Qorqizman,
Qorboboning suyukli Oyqizman.
Meni xafa qilsangiz,
Bobom sovg’a bermaydi,
Meni xursand qilsangiz,
Sovg’alarga siylaydi.
Qani shodon bolalar,
O’ynanglar va quvnanglar,
Meni xursand qilinglar,
Sovg’alarni olinglar.
Qorqiz.
Men Qorqizman men Qorqiz,
Yaxshi ko’rar o’g’il qiz
Qorboboni qiziman,
Yakka-y yolg’iziman.
Doim birga yuramiz,
Sovg’alarni olamiz,
Kimki aytsa she’r qo‘shiq,
Sovg’alar unga tortiq.
Yaxshi ko’raman archani.
Sho‘x shodon barchani,
Bo’lay sizni mehmoningiz,
Men sizlarni Qorqizingiz.
Nega ismiz Qorbobo.
Nega ismiz Qorbobo,
Aytaqoling jon bobo,
Qorbobo berdi javob,
Zukko bo’sang o’zing top.
O’ylab dono Tohir,
Javobin topdi oxir,
Qordan paydo bo’lgansiz,
Yangi yilda kelasiz.
Dala dashta tindi ish.
Dala dashtda tindi ish,
Keldi mehmon bo‘lib qish.
Boshlandi chiroq o‘chish,
Chaladir hamma yumush.
Uyda o‘chiqdir chiroq,
Hisobotlar yaltiroq.
Savol bersang rahbarga
Bosar darrov qaltiroq.
Tappi yoqar xolalar,
Hayron qishloq bolalar.
Tabiiy gazni o‘ylasak,
Oqar ko‘zdan jolalar.
Qorbobo haqida sher.
Qorbobojon, Qorbobo,
Eshitgin bir on bobo,
Sovg‘a qilib keltirgin,
Chiroq va Gaz jon bobo.
Baraka topgur, hoy GAZ,
Qishloqlarga kel bir pas.
Tanishtirib ket o‘zing
Charchadik yoqib, cho‘p xas.
Olgach kelgin Chiroqni,
Arit dildan firoqni.
Odamlar yayrab yashab
Ajratsin qora oqni.
Berishdi Oshkoralik,
Bo‘ldik go‘yo choralik.
O‘ylab o‘tirmay birdan
So‘ng g‘iybatni boshladik.
Asr Yigirma birinchi
Ahvolimiz so‘rginchi
Yo‘llarning yirtig‘ida
Bir aylanib ko‘rginchi?
Biroz ishlatib fahming.
Bizlarga kelsin rahming
Sovg‘a qilgin Gaz, Chiroq
Rahmat deylik senga ming.
Rahbarlarga ayt, ko‘proq,
Bersin yo‘llarga chiroq,
Mayli rozi bo‘lamiz
Yo‘llarga solsin Yamoq.
Hoy, rahbarlar iltimos
Ko‘zingizni ochvoling,
Qorbobojon kelyapti
Endi bir oz uyg‘oning
Oshkoralikmi shunday,
Aldamang bizni unday.
Chiroq va Gaz, Suv bering,
Qiynamang xalqni bunday.
Qorbobo haqida sher.
Shoshib keldi qorbobo
Qayda qolgan sovgʻasi,
Qoq oʻrmon oʻrtasiga
Qulab tushgan barchasi,
Yordam soʻrab yalindi
Oʻrmon hayvonlariga,
Mensiz yangi yil oʻtmas
Tushuntirar bariga,
Shoxdor kiyik hammaga
dedi: Darxol boshlaymiz,
Qorbobo kechikmasin
Changʻisini sozlaymiz,
Qorboboni intiqib
Kutar jajji bolalar,
Xursand qilar ularni
Oʻyinchogʻu sovgʻalar,
Boʻri ,tulki,kiyik ham
Birgalashib boʻlib jam,
Changʻini tez tuzatdi
Qorboboni kuzatdi.









